Click to listen highlighted text! GSpeech
A- A A+
Vinaora Nivo SliderVinaora Nivo SliderVinaora Nivo SliderVinaora Nivo SliderVinaora Nivo SliderVinaora Nivo SliderVinaora Nivo Slider

Yo'llarda tirbandlikni bartaraf etish mavjud avtomobil yo'llarini yanada kengaytirish, yangi yo'l va ko'priklar qurishni talab qiladi

     Azim kentimiz Toshkent kundan-kun chiroy ochib, rivojlanib bormoqda. Istiqlol yillarida poytaxtimizda ko'plab zamonaviy oliy bilim yurtlari, ma'naviyat-ma'rifat maskanlari, istirohat bog'lari, sport inshootlari, aholi turar-joylari keng va ravon yo'llar, mahobatli ko'priklar bunyod etildi. Ularning har biri haqida ko'p va xo'b gapirish mumkin. Inchunin aholi yashash sharoiti yuksalib, shahar, tuman, mahalla va xonadonlarimiz kun sayin obod va ko'rkam bo'lib borayotir. Masalan, bundan 20 yillar oldin mahalla-ko'yda sanoqli engil mashina bo'lgan bo'lsa, hozirda har ikki oiladan bittasida avtomobil bor.

     Hozirgi kunda shahrimizda 370 mingdan ortiq xususiy, 70 mingdan ziyod yuridik maqomdagi avtomobillar tasarruf etilmoqda. Bu so'nggi o'n yilda shahrimizda harakatlanayotgan avtoulov qariyb 50 foizga oshganidan dalolat beradi. Quvonarlisi, shahrimiz ko'chalarida harakatlanayotgan avtomobillarning aksariyati o'zimizda ishlab chiqarilayotgan engil, yuk va yo'lovchi tashishga mo'ljallangan transport vositalaridir.
     Avtotransport vositalari soni va sifati oshgani sayin, shahrimizda unga monand yo'l, ko'prik va estakadalar qurilmoqda. Xususan, istiqlol yillarida poytaxtimizda 26ta ko'prik qurib, foydalanishga topshirildi. So'nggi o'n yilda 15 kilometr yangi yo'l qurildi. Uning 12 kilometri oxirgi ikki yilda bunyod etildi. Bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda.
     Joriy yilning 28 mart kuni "ToshplanLiTi" korxonasi majlislar zalida bo'lib o'tgan Toshkent shahrida avtomobil yo'llari va ko'priklar qurilishi, ba'zi yo'nalishlardagi tramvay yo'llarining demontaj qilinishi bilan bog'liq masalalarga bag'ishlangan matbuot anjumanida shu haqda batafsil ma'lumot berildi.
     Anjumanda ta'kidlanganidek, poytaxtdagi transport vositalari sonining ortib borishi yo'l-kommunikasiya tarmoqlarida muayyan o'zgarishlar qilish zaruratini tug'dirmoqda. Jumladan, Shota Rustaveli hamda Muqimiy ko'chasi chorrahasida transport vositalari harakati soatiga 11500 mashinani tashkil etadi. Bu me'yordagidan 2 barobar ko'p degani. Shuningdek, "Bunyodkor" va Muqimiy ko'chalari kesishuvida transport harakati me'yordagidan 1,5 barobar ortiq. Ushbu holatni Muqimiy ko'chasi va Chilonzor Oq tepa maydoni chorrahasida ham kuzatish mumkin. Mazkur chorraha 6 ming avtomobil qatnoviga moslangan. Bunday holat, o'z navbatida transport hamda piyodalar harakatida tirbandlikni yuzaga keltirishi, yo'l-transport hodisalari xavfining ortishiga sabab bo'lishi mumkin. Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida "Nurafshon" ko'chasining Beruniy ko'chasidan Sharof Rashidov ko'chasigacha qismidan foydalangan holda aylanma yo'l yuzaga kelishi natijasida markaziy ko'chalarda oqimning engillashuviga erishish ko'zda tutilmoqda. Shu maqsadda "Nurafshon" va Beruniy ko'chalari chorrahasidan Oqtepa maydonigacha 3,8 kilometrlik yangi yo'l qurilishi rejalashtirilmoqda. "Nurafshon" ko'chasidan Oqtepa maydoni orqali Muqimiy ko'chasiga chiqilishi inobatga olinsa, mavjud transport harakati chizmasiga o'zgartirish kiritish zarurati vujudga keladi. Ya'ni "Nurafshon" ko'chasidagi mavjud harakat oqimi Oqtepa maydonida soatiga 4 mingta mashinaga ko'payib, u erdagi ko'prikka nisbatan ortiqcha bosimni yuzaga keltiradi. Shu bois ushbu hududda tez orada yangi ko'prik (estakada) qurilishi rejalashtirilmoqda.
     Nukus ko'chasi Shota Rustavelidan Bobur ko'chasigacha 1 kilometrga uzaytiriladi. Beruniy ko'chasidan Sharof Rashidov ko'chasigacha, "Nurafshon" ko'chasining Beruniy ko'chasidan Oqtepa maydonigacha uzaytirilishi, Muqimiy, Nukus, Qodiriy, Sh.Rashidov, Nurafshon ko'chalari davom ettirilishi orqali Toshkent shahrida yangi transport halqa yo'li vujudga keladi.
    Matbuot anjumanida e'tirof etilganidek, yangi halqa yo'lida transport qatnovini yanada engillashtirish, tirbandlikning oldini olish maqsadida ularga hamohang tarzda Toshkent shahrida tez orada 3 ta yangi ko'prik quriladi. Yangi ko'priklardan biri Muqimiy va "Oqtepa" ko'chalarini bog'lasa, ikkinchisi bir vaqtning o'zida Lutfiy, "Samarqand darvoza", Baynalmilal va Muqimiy ko'chalaridan qatnaydigan transportlarga xizmat ko'rsatadi. "Bunyodkor" shohko'chasi va Muqimiy ko'chasi kesishuvidagi Muqimiy va Sh.Rustaveli ko'chalari tutashgan chorrahada quriladigan yangi ko'prikdan Nukus ko'chasiga olib chiqadigan 1 kilometrlik yangi yo'l quriladi.Shaharning markaziy ko'chalaridagi tirbandlikning oldini olish maqsadida "Taraqqiyot" ko'chasi ham uzaytiriladi, Parkent ko'chasidagi katta harakat oqimidan kelib chiqib, "Oltintepa" ko'chasidan Katta halqa yo'ligacha rekonstruksiya qilinadi.
     Poytaxtimiz farovonligi ko'p jihatdan yo'l infratuzilmasi bilan chambarchas bog'liq. Havo musaffoligini ta'minlash, o'z navbatida transport vositalaridan chiqayotgan zararli gazlardan xalos bo'lishni taqazo etadi. Ma'lumotlarga qaraganda, bir soatlik yo'l tirbandligi natijasida avtomobillar 25 tonnadan ziyod yoqilg'i sarflar ekan, shuningdek, atmosferaga qanchadan-qancha zarrali gazlar chiqaradi, yoqilg'i isrof bo'ladi, eng muhimi, odamlar qimmatli vaqtini yo'qotadi. Bu esa shahrimiz yo'llarini yanada kengaytirish, yangi yo'l va ko'priklar qurishni talab etadi. Matbuot anjumanida poytaxtimizning aholi gavjum va transport harakati serqatnov hududlarida yo'l kengaytirish uchun tramvay yo'nalishlarini demontaj qilish oqilona chora ekanligi ta'kidlab o'tildi.
     Eslatib o'tamiz, bugungi kunda poytaxtimizda "Toshkent tramvayi" unitar korxonasi tasarrufida 6 yo'nalishda 48 tramvay yo'lovchilarga xizmat ko'rsatmoqda. Aniqroq aytadigan bo'lsak, har kuni o'rta hisobda atigi 20-25 ming nafar yo'lovchi tramvay vositasida tashilmoqda. Agar shahar miqyosida olib qaralsa, bu nihoyatda kichik raqam. Umumiy yo'lovchi sonining 4 foizini tashkil qiladi xolos. Bundan tashqari mavjud yo'llarni yanada kengaytirish, yangilarini qurishda ma'lum ma'noda to'siq bo'lmoqda. Tramvay yo'llarini demontaj qilish, o'z navbatida avtomobil yo'llari harakatini sezilarli darajada engillashtiradi.
     Matbuot anjumanida aytib o'tilganidek, poytaxtimizning Muqimiy, "Samarqand darvoza", "Mehrjon-Sayhun", Aliev, "Temiryo'lchilar", Kichik halqa yo'li, "Beltepa", "Shifokorlar", "Katta halqa yo'li", Farhod-To'qimachi, Mannon Uyg'ur, Beshqayrag'och, Lutfiy, "Katta Xirmontepa", Qamarniso, Forobiy, "Ohangaron yo'li", "Qorasuv", "Farg'ona yo'li", "Yangi Qo'yliq", "Qushbegi" va "Bunyodkor" ko'chalari bo'ylab o'tgan jami 87,8 kilometr uzunlikdagi tramvay yo'li demontaj qilinadi. Tramvay yo'llarining demontaj qilinishi hisobiga ushbu ko'chalar 6-8, hatto 8-10 polosa (yo'l bo'lagiga)ga kengayadi. Yo'llar kengayishi, o'z navbatida, tirbandlik, harakat xavfsizligi bilan bog'liq muammolarni bartaraf etishi shubhasiz.
     Matbuot anjumanida bu jarayonda yo'lovchilar taklifi va manfaati ham inobatga olingani aytildi. Xususan, yaqin kunlarda harakatdani to'xtashi kutilayotgan tramvay o'rniga avtobus yo'nalishlari qo'yiladi. Bu jarayon bosqichma-bosqich davom etadi. Masalan, 5 apreldan boshlab, (tramvay harakati to'xtatilmagan holatda) 13-tramvay yo'nalishda 13-T avtobus qatnovi boshlanadi. Qolgan 5 tramvay yo'nalishi ishi ham shu tariqa to'xtatiladi. Bu jarayonda, albatta, yo'lovchilar, o'z navbatida kerakli ma'lumot va axborotlar bilan ta'minlanadi.
     Shu o'rinda shahar yo'lovchi tashish transporti korxonalari har kuniga o'rta hisobda 1 millionga yaqin yo'lovchi tashiyotganini eslatib o'tish joiz. Shundan atiga 20-25 ming nafari tramvayda, 70-80 ming nafari yo'nalishli va yo'nalishsiz taksida, 200 ming nafari metropolitenda, 700 ming nafardan ortiq yo'lovchi esa avtobus vositasida tashilmoqda.
     Matbuot anjumanida Toshkent shahar hokimi Rahmonbek Usmonov, Toshkent shahar hokimi o'rinbosari, "Toshshahartransxizmat" aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi Otabek Sodiqov, Yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi boshlig'i Barat Mamenov, "ToshplanLiTi" korxonasi direktori Rahimjon Mirzaahmedov va boshqa mutasaddi idoralar rahbarilari ishtirok etib, jurnalistlarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.

 

Manba: "Poytaxt transporti" gazetasi.

Avtobus buyurtmasi
1062 Ishonch telefoni
mg.uz
my.gov.uz
tshtx.uz 

Foydali resurslar

edportal  fondbozori
gov.uz my.gov.uz
lex.uz cert.uz dc.uz
gis.uz strategy.gov.uz Ctrl+Enter

Aloqa uchun muloqotlar

Umumiy bo'lim
Tel.: (+998 71) 233-89-21
Faks: (+998 71) 233-34-40
Xorijiy hamkorlar bilan muloqot qilish uchun telefoni / Phone for communication with foreign partners: (+998 71) 233-52-63

Yangiliklarga obuna boling

Xozir saytda 2128 mehmon

Yandex.Metrika

 

Click to listen highlighted text! GSpeech